“Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi bu aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirishga qaratilgan elektron o‘quv platforma.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 iyundagi “Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-228-sonli qarori bilan joriy etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Bosh prokuratura “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasida o‘qitishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori [Adliya vazirligi tomonidan 2024 yil 30 oktyabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3565] bilan davlat xizmatchilari va aholining Virtual akademiyada o‘qitishni tashkil etish tartibi tasdiqlangan.

Virtual akademiyada o‘quv faoliyatini tashkil etish va yuritish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Virtual akademiyada o‘qitish korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida bazaviy hamda maxsus o‘quv kurslari bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi.

Maxsus kurslarga kirish uchun davlat xizmatchilari shartnomada ko‘rsatilgan o‘qitish qiymati buyurtmachi tashkilot tomonidan to‘liq to‘langandan so‘ng, ta’lim oluvchilar tomonidan yagona identifikatsiya tizimi (One ID) yordamida ro‘yxatdan o‘tish orqali Virtual akademiyaning maxsus o‘quv kurslarida o‘qish imkoniyati tashkil etiladi. Shuningdek, davlat xizmatchilariga tizimga kirish uchun Akademiya tomonidan tayyorlab berilgan maxsus parol va loginlar yordamida kirish mumkin.

Davlat xizmatchilari uchun tashkil etiladigan maxsus o‘quv kurslari kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya etish, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf qilish va korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha mustaqil o‘zlashtirish orqali amalga oshiriladi. Mashg‘ulotlar jadvalida asinxron rejimdagi mashg‘ulotlar va oraliq nazorat ishini bajarish kuniga 2 soatdan rejalashtiriladi. Asinxron mashg‘ulotlarda ta’lim oluvchilar Virtual akademiyaga joylashtirilgan asosiy va qo‘shimcha elektron o‘quv materiallarini mustaqil ravishda o‘zlashtiradi va mavzular bo‘yicha olgan bilimlarini tekshirish uchun nazorat ishlarini bajaradi.

Virtual akademiyaning maxsus o‘quv kurslarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida malaka oshirish davlat xizmatchilari uchun majburiy, boshqa kontingent uchun ixtiyoriy hisoblanadi. Davlat xizmatchilari hisoblanmaydigan shaxslarni maxsus o‘quv kurslarida o‘qitish ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi.

Chuqurlashtirilgan o‘quv dasturlari asosidagi maxsus kurslar korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari va korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan davlat xizmati lavozimlarida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlar uchun olib boriladi.

Virtual akademiyada o‘qishi lozim bo‘lgan bo‘lgan davlat xizmatchilariga davlat organlari va tashkilotlarida o‘z faoliyatini mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida yoki saylab qo‘yiladigan yoxud tayinlanadigan lavozimlarda amalga oshirayotgan boshqaruv xodimlari kiradi.

Virtual akademiyada tyutor (o‘qituvchi-konsultant) faoliyati Akademiya professor-o‘qituvchilari va xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat organlari va tashkilotlarining mutaxassislari ham tyutor (o‘qituvchi-konsultant) faoliyatini amalga oshirishi mumkin. Tyutor bu – bazaviy va maxsus o‘quv kurslarida tegishli o‘quv moduli bo‘yicha ta’lim oluvchilar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va yo‘naltiruvchi, metodik yordam ko‘rsatuvchi, o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish funksiyalarini amalga oshiruvchi mas’ul xodim.

Davlat xizmatchisi ishga qabul qilinganidan so‘ng uch oy ichida o‘quv kursidan o‘tadi. Davlat xizmatchisi malaka oshirish shaklida o‘qiganda o‘qish davriyligi har uch yilda kamida bir martani tashkil etadi.

Virtual akademiyada o‘quv jarayoni sifatli tashkil etilishini monitoring qilib borish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, Akademiyaning maxsus tarmoqlari ichki monitoringni amalga oshirib boradi.

Maxsus o‘quv kurslarida kirish, joriy, oraliq va yakuniy nazorat turlari o‘tkaziladi. Bunda, joriy, oraliq va yakuniy nazorat turlarida ta’lim oluvchilarning bilimlarini baholash turli xil interfaol sinovlar, muammoli vaziyatlar va boshqa topshiriqlar hamda test shaklida amalga oshiriladi. Kirish nazorat turidan uning natijalarini yakuniy nazorat turi natijalari bilan solishtirish maqsadida foydalaniladi va nazorat turlarini umumiy hisoblashda inobatga olinmaydi.

Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimining asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat: - aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish; - jamiyatda korrupsiyaga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish; - yosh avlod ongiga halollik qadriyatlarini singdirish; - korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan davlat xizmati lavozimlaridagi xodimlarning bilim, ko‘nikma va malakalarini doimiy ravishda oshirib borish; - davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini baholash.

Virtual akademiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv dasturlari quyidagi kontingent uchun mo‘ljallangan: - aholi; - tadbirkorlik sub’ektlari vakillari; - nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari vakillari; - ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, o‘quvchilari va talabalari; - davlat organlari va tashkilotlarining davlat xizmatchilari; - davlat ishtirokidagi korxonalarning xodimlari.

Bazaviy o‘quv kurslari bu – Virtual akademiyada joylashtiriladigan hamda foydalanish uchun barcha ta’lim oluvchilarga ochiq bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha tashkil etiladigan o‘quv kurslari. Bazaviy o‘quv kurslaridan barcha ta’lim oluvchilar uchun bepul va unda istalgan vaqtda va cheklanmagan miqdorda foydalanish mumkin. Bazaviy o‘quv kurslari ishdan ajralmagan holda, asinxron rejimida masofadan turib elektron ta’lim resurslarini mustaqil ravishda o‘zlashtirish asosida amalga oshiriladi. Bunda ta’lim oluvchilarga korrupsiya tushunchasi, tarixi, oqibatlari, unga qarshi kurashish va oldini olishga doir masalalarni tushuntirish orqali ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirishga qaratilgan shaklda tashkil etiladi. Bazaviy o‘quv kurslari bir necha daqiqalar ichida o‘zlashtirishi mumkin bo‘lgan yangiliklar, muammoli vaziyatlar va ularning yechimlari, savol-javob hamda turli xil sinovlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Bazaviy o‘quv kurslaridan unda istalgan vaqtda va cheklanmagan miqdorda foydalanish mumkin.

Davlat xizmatchilariga maxsus o‘quv kurslarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitish quyidagi majburiy kurslar asosida olib boriladi: ishga qabul qilinganidan so‘ng uch oy ichida 36 soatdan kam bo‘lmagan maxsus o‘quv kursi; har uch yilda kamida bir marta malakasi oshirilganda 12 soatdan kam bo‘lmagan va 24 soatdan ko‘p bo‘lmagan maxsus o‘quv kursi. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlari uchun tashkil etiladigan maxsus o‘quv kurslari 24 soatdan kam bo‘lmagan va 36 soatdan ko‘p bo‘lmagan o‘quv kursi sifatida tashkil etiladi. Korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan davlat xizmati lavozimlarida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlar uchun maxsus o‘quv kurslari 12 soatdan kam bo‘lmagan va 24 soatdan ko‘p bo‘lmagan o‘quv kursi sifatida tashkil etiladi.

Prezidentning 21.06.2024 yildagi PQ-228-sonli qarori 5-bandiga muvofiq, Virtual akademiyada bazaviy o‘quv kurslarida o‘qitish barcha foydalanuvchilar uchun bepul asosda tashkil etiladi, maxsus o‘quv kurslarida malaka oshirish to‘lov-shartnoma asosida amalga oshiriladi. Davlat xizmatchilari toifasiga kirmaydigan shaxslar maxsus kurslarda ro‘yxatdan o‘tish uchun Virtual akademiyaning rasmiy veb-saytiga kirib, o‘qish uchun ariza topshirishi mumkin.

Maxsus o‘quv kurslarida to‘lov-shartnoma asosida malaka oshirish uchun to‘lov miqdori Akademiyaning Vasiylik kengashi tomonidan Agentlik hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Tasdiqlangan miqdor Virtual akademiya saytida joylashtiriladi. To‘lovli dasturlarning narxi ularning davomiyligi (soati) va mazmuniga bog‘liq holda belgilanadi.

Davlat xizmatchilarining malakasini oshirish bilan bog‘liq xarajatlar tegishli davlat organi yoki tashkilotiga ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan budjet mablag‘lari doirasida yoxud ularning budjetdan tashqari mablag‘lari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Virtual akademiyada maxsus o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslarga Agentlik va Akademiya tomonidan tasdiqlanadigan namunadagi amal qilish muddati uch yil bo‘lgan sertifikat beriladi

O‘quv kurslarida joriy, oraliq va yakuniy nazorat natijalaridan norozi bo‘lgan ta’lim oluvchilar mazkur imtihonlar natijalari e’lon qilingan kundan boshlab yetti ish kuni ichida Akademiyaning Apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyati berishlari mumkin.

Maxsus o‘quv kurslarida joriy, oraliq va yakuniy nazorat turlarini uzrli sabablarga ko‘ra (kasalligi, yaqin qarindoshlarining vafoti, mehnat ta’tili, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida bo‘lishi sababli) topshira olmagan ta’lim oluvchiga ularning natijalari e’lon qilingan kundan boshlab bir oy mobaynida qayta topshirish uchun imkoniyat beriladi. Bunda, ta’lim oluvchidan joriy, oraliq va yakuniy nazorat turlarini qayta topshirish to‘lov-shartnoma qayta rasmiylashtirmagan holda amalga oshiriladi. Joriy, oraliq va yakuniy nazorat turlarini topshira olmagan ta’lim oluvchi maxsus o‘quv kursini bepul asosda qayta o‘qish huquqiga ega. Mazkur holat uzrli sabablari mavjud bo‘lmagan tinglovchilarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Salom, xush kelibsiz!
Parolni unutdingizmi?
Ro'yxatdan o'tganmisiz?  Hozir ro‘yxatdan o‘ting

Bo‘lim bo‘yicha saralash

Batafsil

Reyting

Muallif bo‘yicha tartiblash

Batafsil

Narx bo‘yicha tartiblash

Darajalar

Buyurtma bo‘yicha tartiblash