
Bir bor ekan, bir yo’q ekan, qadim zamonda kichkina quyon yashar ekan. U mehribon va g’amxo’r bo’lib, hech kimni xafa qilmas ekan. Uning o’rmon chetida chiroyli, mustahkam uyi bor ekan. Bahor kunlarining birida eshik taqilladi. Tashqarida tulki turardi. Tulki uyi bo’rondan keyin vayron bo’lgani va uning yashash uchun joyi yo’qligini aytib ko’z yoshi to’kibdi. Quyon tulkiga rahmi kelibdi, uyi ta’mirlanguncha u bilan qolishi mumkinligini aytibdi. Shunday qilib, tulki quyonning uyida yashay boshlabdi.
Bir kuni quyon do’konga ketganida tulki eshik qulflarini almashtirib, barcha derazalarni yopib qo’yibdi. Uyga qaytgan quyon eshikni ocholmaganidan juda hayron bo’lib, eshik qo’ng’irog’ini bosibdi. Tulki eshikni ochib, endi mana bu uy meniki deb quyonni haydabdi.
Quyon yum-yum yig’lab, o’rmon bo’ylab yurib ketayotib, bo’riga duch keldi. Bo’ri o’rmon tartibini saqlovchi edi.
Nega yig’layapsan?
Qanday qilib yig’lamay, tulki meni o’z uyimdan haydab yubordi! Men bechoraga yordam beradigan hech kim yo’q.
Bu tartibsizlik, biz buni tartibga solishimiz kerak! Uni haydab chiqarishga yordam berishimni xohlaysanmi?
Rostdan ham yordam berasizmi?
Albatta, yordam beraman, lekin mashinam buzilib qolgan, maoshim ham tez orada kelmaydi… Xullas, sening to’loving 200 so’mni tashkil qiladi!
200 so’m??? Axir biz ertakdamiz! Ertakda hamma bir-biriga beminnat yordam beradi!
Avval shunday edi, lekin endi yaxshi yashashni istasang, uddaburon bo’lishing kerak! Istasang taklifimga rozi bo’l…
Quyon avvalgidan ham g’amgin bo’lib, yo’lida davom etdi.
Quyon yo’l yurib ketayotgan edi, oldidan o’rmon boshlig’i ayiq chiqibdi.
Quyon nega yig’layapsan?
Qanday qilib yig’lamay, tulkiga boshpana berdim, lekin u meni o’z uyimdan haydab yubordi!
Bu tartibsizlik, biz uni tartibga solishimiz kerak!
Ayiq amaki menga yordam bering!
Men yordam beraman, faqat sen saylovda menga ovoz berasan, qarindosh va do’stlaringdan xam menga ovoz berishlarini so’raysan.
Axir saylovlar ixtiyoriy-ku?
O’zing bilasan, unday bo’lsa uysiz qolaver!
Quyon xafa bo’lganidan battar yig’lab yubordi va yordam izlash uchun yo’lida davom etdi. Yo’lda ketayotib, tikanni bosib oldi va og’riqdan yurolmay qoldi.
Shu payt uchib o’tayotgan boyqush yig’layotgan quyonni ko’rib, uning oldiga keldi.
Senga nima bo’ldi, nega buncha yig’layapsan?
Tulki meni uyimni tortib olgani uchun yig’layapman. Yana panjamga tikan kirib og’riq berayotgani uchun yig’layapman.
Oh, oh, qanday falokat! Kel, yelkamga suyan, seni o’rmon shifoxonasiga olib boraman, u yerda tikanni tortib olishadi.
Ular shifoxonaga kelib, shifokorning xonasiga kirishdi. U yerda oq xalat kiygan olmaxon o’ziga oro berib, pardoz qilib o’tirardi.
Azizim, olmaxon! Bemorni ko’rib qo’ysangiz, quyon panjasiga sanchilgan tikanni tortib olishingiz kerak, dedi boyqush.
Siz bilan ovora bo’lishga vaqtim yo’q, mening ish kunim bir necha daqiqadan so’ng tugaydi.
Iltimos, yordam bering!
Bilasizmi, men yong’oqni juda yaxshi ko’raman. Menga bir savat yong’oq olib kelsangiz sizlarga yordam beraman.
Yong’oqni qayerdan topamiz? Axir quyonga zudlik bilan yordam kerak!
Men hech narsani bilmayman, xonani tark eting, ish vaqtim tugadi!
Quyon xafa bo’lib xayolga cho’mdi.
Hoy quyon, tushkunlikka tushma! O’rmonda halol va mehribon hayvonlar ham bor, yur qaldirg’och yoniga boraylik, u juda mehribon va hamdard qush, senga albatta yordam beradi, dedi boyqush.
Ular birgalashib qaldirg’och tomon yo’l oldilar. Yo’lda ketayotib kirpiga duch keldilar. Oqko’ngil kirpi ularni mashinasiga o’tkazib, manziliga yetkazib qo’ydi. Mehribon qaldirg’och quyon panjasidagi tikanni chiqarib, unga malham surtib, bog’lab qo’ydi.
Hayvonlar birgalashib quyonga uyni qanday qaytarish haqida o’ylay boshladilar va o’rmon soqchisi burgutga qo’ng’iroq qilib yordam so’radilar. Burgut o’zining eng yaxshi askarlari bilan birgalikda tulkini shunchalik qo’rqitdiki, u tezda birovning uyidan sakrab chiqib, orqasiga qaramay qochdi. Faqatgina burgut unga yetib olib, boshqalarni aldab qo’ymaslik uchun profilaktik suhbat o’tkazdi.
Uyiga qaytib kelgan quyon xursand bo’lganidan qo’shiq aytib, raqsga tusha boshladi. U barchani choy va mazzali murabbo bilan siyladi, qutqaruvchilarga sovg’alar berdi. Axir u nafaqat uyni qaytardi, balki yaxshi do’stlar ham orttirdi. Shunday qilib, quyon o’z uyida baxtiyor hayot kechirib, murod-u maqsadiga yetibdi.
0 Comments