
Bir bor ekan, bir yo’q ekan qadim zamonda emas, balki shu zamonda o’rmonda tulki, quyon, bo’ri va ayiq inoq do’st bo’lib yashar ekan. Kunlarning birida ayyor tulki do’stlarini sinab ko’rmoqchi bo’libdi. Tulki: “Voy dod! Uyimga o’g’ri tushdi! Yordam beringlar!», deb baqira boshladi. Buni eshitgan do’stlari shosha-pisha tulkining uyiga kelishdi.
Tulki nima bo’ldi? Nega dod solasan?, so’radi ayiq.
Kimdir uyimga kelib, meni sevimli qoshiqchami o’g’irlab ketibdi, uni kim oldi?, dedi yig’lab tulki.
Ayiq, bo’ri va quyon hayron bo’lib, bir-birlariga qarashdi. Bo’ri: “Axir biz seni qoshiqchingni nima qilamiz? Bizlar ahil do’st bo’lsak, do’stlar bir-birining narsalarini o’g’irlashmaydi”, dedi.
Biroz vaqt o’tib, tulki berkitib qo’ygan joyidan qoshiqchisini olib ko’rsatdi va ayyorona kulib qo’ydi. Shunda do’stlari nega bizni aldading, deb so’rashdi.
Sizlarni sinab ko’rmoqchi edim, debdi tulki.
Bunday ish qilma, yolg’onchilik — yomon odat. Yolg’onchining do’sti bo’lmaydi, dedi ayiq.
Ertasi kuni tulki yana “Voy dod yordam beringlar, qopqonga tushib qoldim!”, deb dod soldi. Buni eshitgan quyon tezlik bilan borib, ayiqqa xabar berdi. Yordamga kelgan do’stlar ne ko’z bilan ko’rsinki, tulki choy ichib o’tirgan ekan. Quyon: “Yana bizni aldading, nega bunday qilasan?”, deb so’radi.
Meni qanchalik yaxshi ko’rishlaringni bilmoqchi edim, deb javob beribdi tulki va yana ayyorona kulib qo’yibdi.
Ertasi kuni tulki yana yordam so’rab baqira boshlabdi:
Voy dod yordam beringlar! Chuqurga tushib ketdim, Yordam! Yordam!
Bu safar tulki juda yomon qichqirar edi. Buni eshitgan do’stlari tulkining oldiga kelishdi. Tulki esa yonboshlab, xotirjam yotardi. Buni ko’rib, do’stlari undan qattiq xafa bo’lishdi.
Keyingi kun tulki haqiqatdan ham qopqonga tushib qoldi va ovozi boricha do’stlarini yordamga chaqira boshladi. U qancha dod solsa ham, hech kim parvo qilmadi, hamma o’z yumushi bilan band bo’ldi. Qopqonga tushgan tulki qancha dod solmasin, hech kim yordamga kelmadi.
Qissadan hissa shuki, yolg’onchilik yaxshilikka olib kelmaydi va yolg’onchining do’stlari bo’lmaydi.